O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi” davlat muassasasi jamoasi urush va mehnat faxriylarini, muhtaram yurtdoshlarimizni 9-may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etadi.
Ushbu qutlug‘ sana -Vatanimiz ozodligi, xalqimiz tinchligi va bugungi farovon hayotimiz yo‘lida jonini fido qilgan aziz insonlar xotirasini yod etish, ularning mislsiz jasorati va matonatini e’zozlash kuni sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Ularning mardlik va fidoyilik namunasi, Vatanga muhabbat va sadoqat timsoli bo‘lib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun biz ushbu yorug‘ kunlarga yetib kelolmagan, ammo qalblarimizda abadiy yashaydigan qahramonlarimizni chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etamiz, ularning pok ruhlari oldida bosh egamiz.
Yurtimiz tinchligi bardavom, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!